Shu kunlarda respublikamizda O'zbekiston – Rossiya ikkinchi yoshlar forumi bo'lib o'tmoqda. Rossiyalik delegatlar 12-18 fevral kunlari yurtimizda mehmon bo'lishadi. Forum davomida ikki davlat yoshlari o'rtasida o'zaro jonli muloqot, tajriba almashish muhitini yaratish, yoshlar tashkilotlari o'rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo'yicha qator dasturlar muhokama qilinmoqda.
Shu bilan birga forum ishtirokchilariga o'zbek milliy madaniy san'ati namoyishlari ham tashkil etildi. Xususan, 13 fevral kuni yoshlar O'zbekiston amaliy san'ati va milliy hunarmandchilik tarixi Davlat muzeyida bo'lishdi. Bu yerda ular amaliy san'atimizning qadimiy namunalari bilan tanishishdi. Dastur so'ngida mehmonlarga yosh dizaynerlarimiz ijodiga mansub liboslar ko'rgazmasi namoyishi havola etildi.
O'zbekiston amaliy san'ati va milliy hunarmandchilik tarixi Davlat muzeyi zaxirasida bugungi kunda 150 yillikka oid, ya'ni uch avlodaga doir xalq ustalarining 7300 dan ziyod nodir asarlari saqlanib kelinmoqda. Muzey to'plami badiiy va ma'naviy jihatdan o'ta boy bo'lib, XIX – XX asrlar davomidagi hunarmandchilikning rivojlanishi tarixini ko'rsatadi. To'plamdan o'rin olgan asarlar orasida shajaraviy hunarmand avlod mahsulotlarini ham ko'rish mumkin. Ushbu to'plam betakror badiiy kashtachilik namunalari, yog'och naqqoshligi va o'ymakotligi, zardo'zlik, gilam to'qimachiligi va mato kabi bo'limlarda o'z aksini topgan.
Ushbu dastur davomida muzeydagi qo'l mehnati yordamida qilingan amaliy san'at asarlari, shuningdek, ko'tarinki ruhda tashkil etilgan liboslar ko'rgazmasi barcha forum ishtirokchilariga birdek manzur keldi.
Ismoilova Mohinur